Kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalaning.!

[jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp we]

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 apreldagi PQ-4276-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi toʻgʻrisidagi Nizomga muvofiq, Favqulodda vaziyatlar vazirligining asosiy vazifalari etib tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, yongʻin xavfsizligi, seysmik kuzatuvlar, kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish, suv obʼektlarida fuqarolarning xayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish belgilangan. Mazkur maqolada biz Respublikamizda jumladan tumanimizda kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanishni taʼminlash va nazorat qilish qanday tartibda amalga oshirilishi haqida soʻz yuritmoqchimiz.

      Oʻzbekiston Respublikasida yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan kichik hajmli kemalarni roʻyxatga olish, texnik koʻrikdan oʻtkazish, ulardan foydalanishga ruxsat berish hamda kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanishni nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Kichik hajmli kemalarni nazorat qilish inspeksiyasi (Inspeksiya) tomonidan amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining 2017 yil 27 dekabrdagi 529, 530, 531-sonli buyruqlari bilan “Kichik hajmli kemalarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari”, “Kichik hajmli kemalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish qoidalari” va “Kichik hajmli kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish qoidalari” tasdiqlangan.

Mazkur qoidalarga muvofiq, kichik hajmli kema deb – asosiy dvigatellarning quvvati 55 kVt (75 ot kuchi) va yoʻlovchi sigʻimi 12 kishidan ortiq boʻlmagan oʻziyurar kemalar, motorlarning quvvati va sonidan qatʼiy nazar, osma motorli kemalar, suv mototsikllari (gidrotsikllar), yuk koʻtarish qobiliyati 80 registr tonnadan ortiq boʻlmagan oʻziyurmas kemalar, shishiriladigan motorsiz eshkakli qayiqlar hisoblanadi.

Inspeksiya tomonidan roʻyxatdan va texnik koʻrikdan oʻtmagan kemalardan foydalanish taqiqlanadi. Qoidalarning birinchi talabiga asosan, quyidagi kemalar davlat roʻyxatidan va texnik koʻrikdan oʻtkazilishi shart:

1. Yoʻlovchi sigʻimi 12 kishidan ortiq boʻlmagan oʻziyurar kemalar;

2. Osma motorli kemalar;

3. Suv mototsikllari (gidrotsikllar);

4. Eshkakli kemalar;

5. Shishiriladigan eshkakli qayiqlar.

Quyidagi texnik nosozliklar aniqlanganda kichik hajmli kemalardan foydalanishni taqiqlanadi:

kemaning choʻkib ketishiga bevosita tahdid soluvchi yoriqlar, teshiklar va qoplamada shikastlanishlar boʻlganda;

boʻlinmalar, havo qutilari, suzuvchi bloklar yoʻq boʻlganda yoki germetikligi buzilganda;

rul uskunalarining nosozligida;

dvigatelning yoqilgʻi idishidan, shlangi va taʼminot tizimidan yoqilgʻi oqqanda;

dvigatelda sezilarli titrashlar yoki oʻchirish vaqtida nosozlik boʻlganda;

dvigatelning masofaviy boshqaruv tizimi ishdan chiqqanda;

dvigatel revers-reduktorining oʻz-oʻzidan uzilib yoki ulanib qolish holatlarida;

farqlovchi yoritish moslamalarining talabga javob bermasligi yoki nosozligida;

kema jamlamalari va uskunalari kema biletida koʻrsatilgan meʼyorga muvofiq kelmaganda.

Agar siz dam olish kunlari doʻstlar yoki oilangiz bilan birga qayiqlarda sayr qilishni niyat qilgan boʻlsangiz, albatta kemalarning yuqorida aytib oʻtilgan xavfsizlik talablarga javob berishiga eʼtibor qarating. Roʻyxatdan va texnik koʻrikdan oʻtkazilgan kema bortining ikki yon tomoniga roʻyxatga olish raqami yozilgan boʻladi (misol uchun

95 A 007). Kichik hajmli kemalarning egalaridan esa mavjud kemalardan qonuniy va xavfsiz foydalanish, shuningdek suv havzalarida fuqarolarning xayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish maqsadida, oʻz vaqtida kemalarni davlat roʻyxatidan va texnik koʻrikdan oʻtkazishlarini soʻrab qolamiz.

Shu bilan birga, kichik hajmli kemalardan foydalanish qoidalarini buzish Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning119-moddasiga muvofiq, kemani vaqtincha olib qoʻyilishi va maʼmuriy javobgarlikka sabuab boʻlishi toʻgʻrisida eslatib oʻtamiz.

 

 Umar Turopov, Kattaqo`rg`on tumam FVB FVDT va FM boʻlinmasi boshligʻi katta leytenant.

2015-2024 © Каттақўрғон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM